ru en uz

MUNOSIB MUKOFOTLARNI QO‘LGA KIRITDILAR


UzLITI Engineering kompaniyasi kadrlarni tanlash va boshqarish sohasida puxta oʻylangan, tizimli strategiyani amalga oshirib keladi. Amalga oshirilayotgan ishlar sezilarli samaralar bermoqdaki, bu nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosda ham qayd etilmoqda. 



Kuni kecha poytaxtimizdagi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida «EMBRAS 2023» Oltinchi ish beruvchilar brendi borasidagi xalqaro sammit doirasida HR sohasidagi yutuqlar uchun «EMBRAS Award 2023» taqdimoti boʻlib oʻtdi. «Insonlar biznesni rivojlantirishning strategik aktivi sifatida» shiori ostida oʻtkazilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Rossiyadan HR bo‘yicha mutaxassislar, kompaniya rahbarlari va top-menejerlar ishtirok etdi. Tanlovda jami yettita nominatsiya bo‘lib, g‘olib va ​​sovrindorlar hakamlar hay’ati tomonidan aniqlandi. Ushbu hakamlar hay’ati tarkibi nafaqat HR-mutaxassislar, balki kompaniya rahbarlari, shuningdek, jamoat arboblaridan iborat bo‘ldi.Tanlov tafsilotlari va natijalari haqida bizga kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha yetakchi mutaxassis Shaxnoza Umarova ma’lumot berdi.


UzLITI Engineering kompaniyasi xalqaro mukofotning uchta nominatsiyasida ishtirok etib, shundan ushbu obro‘li forumning ikkita mukofotiga sazovor bo‘ldi. Kompaniyalari guruhi PR-departamenti bilan hamkorlikdan tashkil etilgan «Ezgu ishlar» kategoriyasi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni «Ezgu ishlar sendan boshlanadi» nomli loyihamiz bilan egalladik. Loyiha markazining mazkur xayriya faoliyati kam ta’minlangan, imkoniyati cheklangan bolalar uchun o‘tkazilgan aksiyalar va xodimlar tomonidan qon topshirish tadbirlarini qamrab oladi. Biznes jarayonlarini optimallashtirish va takomillashtirishga mo‘ljallangan ERP tizimi ishlanmamiz bilan «Innovatsiyalar» nominatsiyasida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdik. Biz «Ochiq muloqot» nominatsiyasida ham ishtirok etib, «Xalqlar do‘stligi — kuchli injiniring mamlakati» mavzusini taqdim etdik. Sammit oldidan puxta tayyorgarlik ko‘rdik: zayavkalarni to‘ldirdik, taqdimotlar o‘tkazdik, videoroliklarni montaj qildik.


Sovrinli o‘rinlar uchun kurashda eng yirik mahalliy va xorijiy kompaniyalar raqib bo‘lganini hisobga olsak, UzLITI Engineering kompaniyasining sammitdagi ishtiroki natijasi yanada ahamiyatli ko‘rinadi.


Eslatib o‘tamiz, EMBRAS sammiti xodimlarni boshqarish sohasida faoliyat olib boruvchi va bu sohada yetarlicha e’tibor qozongan mutaxassislar yig‘iladigan maydondir. Bu yerda HR’ga bag‘ishlangan keng doiradagi mavzular, sohadagi yangiliklar va trendlar muhokama qilinadi, fikr va g‘oyalar almashiluvi sodir bo‘ladi.