ru en uz

SPORT TADBIRLARI AVJIDA


O‘tgan dam olish kunlari UzLITI Engineering sport hayotida bir vaqtning o‘zida ikkita muhim voqea sodir bo‘ldi — xodimlar yengil atletika yugurish musobaqasida va futbol bo‘yicha kompaniya chempionatining hal qiluvchi o‘yinlarida ishtirok etishdi.


Yengil atletika jamoaning sevimli sport turlaridan biridir. Yuguruvchilarimiz mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan barcha muhim musobaqa va marafonlarda muntazam ishtirok etib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlab o‘tkazilgan «Yangi nafas» yugurish musobaqasi ham bundan mustasno bo‘lmadi. Uning poytaxt bosqichida loyiha markazi vakillari Artur Kilmetov, Vasiliy Kononov va Aleksey Korniyenko 10 km, Makdoom Shahbaz 3 km masofaga yugurishdi.



— Musobaqa ajoyib o‘tdi, yaxshi sabab va ob-havo barcha ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi, — deydi MTO bo‘yicha 1-toifali muhandis Artur Kilmetov. — Men o‘n kilometrlik masofaga yugurdim va shaxsiy rekordimni sezilarli darajada yaxshilab, uni 8 daqiqaga yangiladim. Bunday musobaqalarning o‘tkazilishi o‘zbekistonliklarning vatanparvarlik tuyg‘usini, mamlakatimiz davlat ramzlariga bo‘lgan hurmatini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz. Qolaversa, bu, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishning samarali usulidir. Masalan, Vasiliy Kononov o‘z o‘g‘li bilan birgalikda ishtirok etdi.


Shu bilan birga, futbol jamoalari ulardan qaysi biri UzLITI Engineering chempionati g‘olibi degan nomga loyiq ekanini aniqlashdi. Turnirda 9 ta jamoa qatnashdi, jami 111 kishi ishtirok etdi. Ulardan ba’zilari bir nechta bo‘lim xodimlari ishtirokida tuzilib, o‘ziga xos terma jamoalarga aylandi.



Tasdiqlangan chempionat formulasiga ko‘ra, ishtirokchilar ikki guruhga (4 va 5 jamoadan) bo‘linib, har bir guruhdan ikkita eng yaxshi ishtirokchi yarim finalga yo‘l oldi. Turnir qiziqarli o‘tdi va ba’zida hammada ham jamoaviylik yetarli bo‘lmagan bo‘lsa-da, yigitlar har bir uchrashuvda g‘alaba uchun astoydil kurashishdi. Natijada qurilish bo‘limi jamoasi finalda kompressor stansiyalari va elektr jihozlari boshqarmasi futbolchilarini 4:2 hisobida mag‘lub etib, chempion bo‘ldi. Uchinchi o‘rin elektrotexnika bo‘limi futbolchilariga nasib etdi, ular DGPPdagi raqiblarini 10:1 hisobida mag‘lub etishdi.



— Turnir kompaniya xodimlari uchun ajoyib vaqt o‘tkazish inkonini berdi, — dedi elektrotexnika bo‘limi bosh mutaxassisi Anton Yatsevyuk. — Biz nafaqat futbol maydonida eng yaxshilarni aniqladik, balki hamkasblarimizni ham yaqindan bilib oldik, bu, albatta, jamoani yanada jipslashtirishga xizmat qiladi. Tabiiyki, men jamoa bilan birgalikda yaxshi umumiy natijaga erishganimizdan — uchinchi o‘rinni egallaganimizdan xursandman.