ru en uz

ILMIY FORUM BO‘LIB O‘TDI


UzLITI Engineering kompaniyasi yangi texnologik yondashuvlarni ishlab chiqish va ularni amaliyotda tatbiq etishga qaratilgan faol ilmiy faoliyatni olib boradi.


UzLITI Engineering mutaxassislarining yirik xalqaro ilmiy-texnik forumlarda muntazam ishtirok etishi, u yerda jahon ilmiy jamoatchiligini o‘z ishlanmalari bilan tanishtirish, xorijiy hamkasblari bilan tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lishi bu boradagi ishlarning yo‘nalishlaridandir. Shunday tadbirlardan biri — 2024-yil 3-7-mart kunlari Florida shtati, Orlando shahrida boʻlib oʻtgan AQSh Minerallar, metallar va materiallar jamiyati tomonidan tashkil etilgan ilgʻor materiallar va sanoat materiallari texnologiyasi boʻyicha 153-xalqaro konferensiyasi. Unda mamlakatimiz va kompaniyamizdan Elyorjon Jumaev, Orifjon Mixliyev, Dilshodbek Usmonov, Muhammadjon Usmonov va Sarvar Ro‘zixo‘jaevlar ishtirok etishdi.



Ushbu har yilgi uchrashuv minerallar, metallar va materiallar bo‘yicha 4000 dan ortiq muhandislar, olimlar, biznes yetakchilari va boshqa mutaxassislarni har tomonlama fanlararo texnik bilim almashish uchun birlashtiradi. Bu yilgi anjumanda 165 dan ortiq institutlar, milliy tadqiqot va ishlanmalar markazlari, universitetlar va sanoat kompaniyalari ishtirok etdi. «Haynes», «RJ Marshall», «Boeing», «Mitsui Mining and Smelting Co. Ltd.», «DOWA Metals & Mining Co., Ltd.», «CanmetMINING», «Natural Resources of Canada», «Hyundai Motor Group» kabi dunyodagi eng yirik metall va tog‘-kon kompaniyalarining muhandislari va olimlari o‘z ishlari va texnologik konsepsiyalarini taqdim etishdi. Bundan tashqari, NASA, Oak Ridge National Laboratory, Massachusetts Institute of Technologies, University of Oxford, University of Stanford, New Mexico Institute of Mining and Technology, China University of Mining and Technology kabi taniqli institutlar o‘z ilmiy ishlanmalari taqdimoti bilan chiqish qildilar.



— Mazkur forum dunyodagi yetakchi tadqiqotchi va olimlar o‘z nazariy va amaliy ishlanmalarini taqdim etadigan eng yirik maydondir, — deydi UzLITI Engineering kompaniyasi direktorining innovatsiyalar va metallurgiya bo‘yicha maslahatchisi Elyorjon Jumaev. — Konferensiyada nodir tuproq metallarini konstruktiv materiallardagi arzonroq metallar bilan almashtirish bo‘yicha ishlab chiqqan yondashuvimizni taqdim etdik.



Aytish joizki, o‘zbekistonlik olimlarning chiqishi davomida bir qancha kompaniyalar O‘zbekistonning sanoat imkoniyatlari bilan qiziqib, ularning ilmiy yondashuvini qo‘llab-quvvatladilar.